Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YTTB) korzinka.uz supermarketlar tarmogʻi (“Anglesey Food” MCHJ XK) aksiyadorlik kapitaliga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar shaklida 40 million dollargacha kiritadi.

Sarmoya tarmoqning ayni paytdagi mavjud 50 ta supermarketlari sonini 2025-yilga kelib 140 tagacha yetkazish, shuningdek, amaliyot samaradorligi va korporativ boshqaruv standartlarini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarishga yoʻnaltiriladi.

Mazkur mablagʻlar Oʻzbekistonda zamonaviy chakana savdo sohasini taraqqiy ettirishga katta turtki beradi. Tarmoqni kengaytirish va amaliyot hamda moliya koʻrsatkichlarini yaxshilash bilan birga loyiha atrof-muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatish, ijtimoiy koʻrsatkichlarni yaxshilash, kompaniyada salomatlik va mehnat muhofazasi yoʻnalishlarida qabul qilingan ichki tartib va amaliyotlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

korzinka.uz supermarketlar tarmogʻi barcha zaruriy jarayonlar, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) auditi, ekologik va ijtimoiy ekspertizadan (ESDD) oʻtgan. Mazkur ekspertiza YTTB va milliy qonunchilikning yuqori standartlariga koʻra kompaniyaning atrof-muhit, sogʻliqni saqlash, xavfsizlikka (EHSS) taʼsiri boshqaruv tizimining talablariga muvofiqligini tasdiqladi.

Bank bilan hamkorlik nafaqat sarmoyalar, balki YTTB ta’sischilarining maxsus jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan bir qator muhim texnik kooperatsiya loyihalari bilan birga yuritiladi.

Oʻtkazilgan ekspertizalar natijasida “Moliyaviy hisobot va boshqaruvni takomillashtirish dasturi”, “Taʼminot zanjirida risklarni baholash”, “Korporativ boshqaruv boʻyicha harakatlar rejasi” va boshqa koʻplab muhim hujjatlar ishlab chiqildi.

korzinka.uz supermarketlar tarmogʻining kengayishi zamonaviy chakana savdo madaniyati, keng turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, hamyonbop narxlar hisobiga nafaqat poytaxtda, balki respublikamizning boshqa hududlaridagi hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

__________________

korzinka.uz supermarketlar tarmogʻi 1996-yilda taʼsis etilgan boʻlib, “Anglesey Food” kompaniyasi tarkibiga kiradi. Bugungi kunda Oʻzbekistonning 9 ta hududidagi 50 ta korzinka.uz ва korzinka.uz DISKONT supermarketlari tarmoq ichidan oʻrin olgan. Tarmoqning rivojlanishi natijasida 2016-yildan buyon 33 ta yangi supermarket ochilgan.

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YTTB) 1991-yilda tashkil topgan.

Bankning asosiy vazifasi ochiq bozor iqtisodiyotiga oʻtish, shuningdek, xususiy va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga yordam beradigan loyihalarga sarmoya kiritish orqali Markaziy va Sharqiy Yevropada yangi davrni qurishdan iborat.