korzinka.uz supermarketlar tarmogʻi (“Anglesey Food” ShK) hamda “Coca-cola Ichimligi Oʻzbekiston, LTD” kompaniyalari oʻrtasida Strategik Hamkorlik bitimi imzolandi. Ushbu bitim kompaniyaning korzinka.uz supermarketlar tarmogʻi peshtaxtalaridagi mahsuloti assortimentini kengaytirish, mahsulot yetkazib berish jarayonini mukammallashtirish, xaridorlar uchun chegirma, aksiya va maxsus takliflar sonini oshirishda muhim qadam boʻldi, deyish mumkin.

Ma’lumki, Coca-Сola kompaniyasi alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish boʻyicha dunyoning yirik kompaniyasi sanalib, iste’molchilarga 3 600 turdagi ichimliklarni taklif etadi. Jahon miqiyosida Coca-Сola iste’mol suvi, gazlangan va gazlanmagan ichimliklar, sharbat, nektar hamda iste’molga tayyor choy va qahvalarni yetkazib berishda 1-raqamli ta’minotchi hisoblanadi. Yirik distribyutorlik tizimi tufayli 200 dan ortiq mamlakatlar Coca-Cola ichimliklaridan bahramand boʻlishadi, har kuni yer yuzida 1,9 milliard Coca-Cola ichimligi iste’mol qilinadi.

“Coca-cola Ichimligi Oʻzbekiston, LTD” MChJ qoʻshma korxonasi esa Oʻzbekiston bozorida 1994-yildan buyon mavjud boʻlib, 2018-yilda faoliyatida yirik kelishuv va loyihalarga qoʻl urdi, mahsulotlarining assortimentini kengaytirish borasida qator ishlar olib bordi, hududlarda iste’molchilar bilan tizimli ravishda turli tadbirlar orqali yaqinlashib bordi. Bugungi kunda kompaniya respublikamizda 1,5 ming professional ishchi kuchiga ega yirik oziq-ovqat sanoati korxonalaridan biriga aylangan.