Koʼchadagi shilqimlik – bu koʼcha-koʼyda, savdo markazlarida, jamoat transportida va boshqa shu kabi odamlar bilan gavjum joylardagi tegajoqlik, shahvatli imo-ishoralar, hushtakbozlik, taʼqib qilish, shilqimlik kabi harakatlar. Bu – global illat boʼlib, undan butun dunyo ayol-qizlari aziyat chekmoqda. Fransiya, Niderlandiya, Filippin va Tojikiston kabi ayrim mamlakatlarda bunday xatti-harakatlar qonun bilan taqiqlangan. Boshqa koʼplab mamlakatlarda esa ijtimoiy masʼuliyatga asoslangan norasmiy himoya mexanizmlarini yaratish boʼyicha jamoatchilik tashabbuslari mavjud. Koʼpincha, taʼqibchining ketishini kutib turish uchun vaqtinchalik boshpana topish yoki yoʼlida davom etish uchun hamroh chaqirish imkoniyatiga ega boʼlish koʼchadagi shilqimlik muammosini hal qilishga yordam berishi mumkin.

BMT Taraqqiyot Dasturining Oʼzbekistondagi vakolatxonasi bir qator xususiy sektor vakillari bilan bogʼlanib, korporativ ijtimoiy masʼuliyatga asoslangan hamda ayollar va qizlarga koʼchalarimizdagi shilqimlik va taʼqibdan vaqtinchalik xavfsiz boshpana topishga imkon beruvchi norasmiy mexanizmga aylanishi maqsad qilingan “Umidani chaqiring”, deb nomlangan pilot tashabbus doirasida ixtiyoriy alyans tuzish tashabbsini ilgari surdi. Xavfsizlik makonlarining joylashuvi va tashabbus toʼgʼrisidagi batafsil maʼlumotni IT-Park koʼmagida yaratilgan callumida.uz veb-saytidan topish mumkin.

“Bugun biz boshlayotgan tashabbus mamlakat uchun noyob va juda muhim, negaki bu – koʼcha-koʼyda shilqimlik holatlariga duch kelayotgan ayol va qizlar uchun moʼljallangan xavfsizlik makonlari tarmogʼini yaratishga hissa qoʼshish maqsadida fuqarolik pozitsiyasi, ijtimoiy masʼuliyati va hamdardligining namoyishi sifatida oʼz resurslarini baham koʼrishga tayyor ekanini izhor etayotgan bir qator korporativ sektor vakillarining ixtiyoriy majburiyatidir,dedi oʼz nutqida BMT Taraqqiyot dasturining Oʼzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.Biz ushbu tashabbusni Xalqaro xotin-qizlar kunidan bir necha kun avval boshladik va uning bu yilgi mavzusi «Barqaror kelajak uchun gender tengligini bugun taʼminlash», ekanini hisobga olib, barqaror va adolatli taraqqiyotga barcha birdek qamrab olinib, hech kim chetda qolib ketmagan taqdirdagina erishish mumkinligini taʼkidlash muhim. Faqat xavfsizligi taʼminlangan sharoitdagina inson taʼlim va bandlik sohalarida oʼz salohiyatini toʼliq namoyon etishi, sogʼliqni saqlash va insonning boshqa asosiy ehtiyojlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan toʼliq foydalanishi mumkin. Bizga ayol va qizlarimiz uchun xavfsiz boʼlgan koʼchalar kerak”.

“Korzinka” supermarketlar tarmogʼi bir qator xususiy sektor vakillari – “Testo by Zamira & Co.”, “YaponaMama”, “Caravan Group” restoranlar tarmogʼi, Steam Bar, Turka Saray, “GroundZero” kovorking markazlari, “CyberArena” kompyuter klubi, “Asklepiy Group” dorixonalar tarmogʼi, TEAM universiteti, IT Park bilan birinchilardan bo’lib pilot tashabbusni qoʼllab-quvvatladi. NeMolchi.uz sayti loyihaning axborot hamkori hisoblanadi.

“Ijtimoiy mas’uliyatli kompaniya sifatida biz ko’chadagi ta’qib holatlariga qarshimiz va «Umidani chaqiring» tashabbusiga qo’shilamiz. Zarurat tug’ilganda ayol va qizlar uchun xavfsiz joylarni ta’minlash uchun O’zbekiston bo’ylab barcha do’konlarimizdagi jamoamizni jalb qilyapmiz. BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda biz shaharlar ayollar uchun xavfsizroq bo‘lishi mumkinligiga ishonamiz va ko‘chadagi tazyiq holatlarini to‘xtatish bo‘yicha xabardorlikni oshirishga intilamiz. Xavfsiz joylarning ko’proq bo’lishi, albatta, hammamizning bolalarimiz, yaqinlarimiz uchun xotirjamlikni mustahkamlaydi”, — deb ta’kidladi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov.

“Umidani chaqiring” pilot tashabbusiga qoʼshilishni va xavfsizlik makonlari tarmogʼini kengaytirishni xohlovchi barcha korxonalar veb-saytdagi “Biz bilan ulaning” tugmasini bosib xabar yuborish orqali oʼz qiziqishini izhor etishi mumkin.

Mazkur tashabbus barqaror rivojlanish masalalari boʼyicha dunyodagi eng yirik va eng tezkor taʼlim tarmogʼiga kiruvchi BMTTDning Oʼzbekistondagi Akselerator Laboratoriyasi doirasida sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. BMTTDning Akselerator Laboratoriyasi milliy va global hamkorlar bilan dolzarb rivojlanish muammolariga yangi yondashuvlar va yechimlarni topish ustida ishlab, bu jarayonda mantiqan anglash, jamoaviy intellekt, yechimlar topish va tajribalar oʼtkazishga asoslangan tezlashtirilgan oʼquv jarayoniga asoslanadi.

Yuridik ogohlantirish: “Umidani chaqiring” pilot tashabbusi muayyan holatlarda zarur boʼlishi mumkin boʼlgan huquqni muhofaza qilish, huquqiy, psixologik, maʼnaviy va moddiy yordam oʼrnini bosmaydi yoki bunday yordam turlarini koʼrsatmaydi. Qoʼshimcha himoya yoki qoʼllab-quvvatlash uchun vakolatli va ixtisoslashgan organlarga murojaat qilish lozim. Vaqtinchalik himoya taqdim etish muddati va tartibi har bir hamkorning mavjud cheklovlari bilan belgilanadi hamda vaziyatga qarab oʼzgarishi mumkin. Noqonuniy harakatlar amalga oshirilayotgani borasida shubha uygʼongan taqdirda, hamkorlar qonun doirasida harakat qilish va vakolatli organlarga murojaat qilish huquqiga ega.