korzinka.uzning bugungi maqolasi yordamida hatto boshlang’ich pazandalarimiz ham mazali mevali murabbo hamda sharbatlar tayyorlashlari mumkin. Buning ustiga, ayni damda do’konlarimizda barra mevalar uchun hamyonbop narxlar amal qilmoqda!

1. Shaftolili murabbo

Masalliqlar:

  • Shaftoli – 1 kg
  • Shakar – 0,5-1 kg
  • Vanilin – 1 chimdim
  • Dolchin– 1 tayoqcha (yoki tuyilgan dolchindan 1 chimdim).
  • Limon – 1 dona (sharbat)

Tayyorlash usuli:

  • Shaftolilarni yuvib mayda bo’laklarga ajratamiz.
  • Shaftolilarni murabbo qaynaydigan idishga solib shakar solamiz hamda ustini qopqoq yoki sochiq bilan yopib 1 kechaga qoldiramiz (tunda shakar erib shaftolidan chiqqan suvga aralashadi). Agar siz uni ertalab qilgan bo’lsangiz, kechqurun qaynatganingiz ma’qul.
  • Idishni olovga qo’yib, bir chimdim vanilin, dolchin tayoqchasi va limon sharbatini solamiz. Murabbo qaynab chiqqach, olovni pastlatib yana 40 daqiqa qaynatamiz.
  • Tayyor murabboni sterillangan bankalarga solib, undan dolchin tayoqchasini olib tashlaymiz. Banka qopqoqlarini aylantirib yopamiz va qalin mato bilan o’raymiz. Butunlay sovigunicha shunday qoldiramiz.

2.Olmali murabbo

Masalliqlar:

  • Olmalar – 1 kg
  • Shakar  0,5-1 kg
  • Maydalangan dolchin – 1 chimdim

Tayyorlash usuli:

  • Olmalarni yuvib bo’lak qilib to’g’raymiz va o’rtasidagi danaklarini olib tashlaymiz.
  • Olmalarni murabbo qaynaydigan idishga solib shakar va dolchin solamiz hamda ustini qopqoq yoki sochiq bilan yopib 1 kechaga qoldiramiz.
  • Idishni gazga qo’yib har 4-5 daqiqada aralashtirib olmalarni 10-15 daqiqa qaynatamiz. Bu vaqt mobaynida olmalar yumshoq, rangi o’zgarib yorqin mallarang bo’lgan, bo’tqaga aylanib ketmasligi lozim.
  • Tayyor murabboni sterillangan bankalarga solib, banka qopqoqlarini aylantirib yopamiz va qalin mato bilan o’raymiz. Butunlay sovigunicha shunday qoldiramiz.

3.Shaftolili sharbat

Masalliqlar:

  • Shaftoli – 5 kg
  • Shakar – 50-100 g
  • Limon kislotasi – 1/4 choy qoshiq

Tayyorlash usuli:

  • Shaftolilarni yuvib, cho’pchalaridan tozalaymiz. Bo’laklarga ajratib idishga solamiz.
  • Idishga suvni shaftolilar ko’rinmaydigan qilib solamiz. Qaynab chiqqunicha olovga 5 daqiqaga qo’yamiz. Aralashmani blenderdan chiqarib temir to’rdan yoki bir necha qavatli dokadan o’tkazamiz.
  • Sharbatni o’lchaymiz, kerakli quruqlikkacha suv solib aralashmani yana idishga solamiz. Har 1 litr sharbatga 50-100 g shakar solamiz (mevalar shirinligiga qarab). 1 litr sharbatga 1/4 choy qoshiq limon kislotasini ham solamiz. Aralashtiramiz, qaynatamiz va 3-4 daqiqa pishiramiz.
  • Tayyor sharbatni sterillangan bankalarga solib, banka qopqoqlarini aylantirib yopamiz va qalin mato bilan o’raymiz. Butunlay sovigunicha shunday qoldiramiz.

4.Olmali sharbat

Masalliqlar:

  • Olma – 5 kg
  • Shakar – 50-100 g

Tayyorlash usuli:

  • Olmalarni yuvib, cho’pchalari, zarar yetgan joylaridan tozalaymiz. Bo’laklarga ajratib idishga solamiz.
  • Mevalarni sharbatsiqqichdan o’tkazib olma sharbatini olamiz. Uni etidan ajratib bir necha qavat dokadan o’tkazib idishga solamiz. Sharbatsiqqich bo’lmasa, go’sht qiymalagichdan o’tkazsa ham bo’ladi. Tayyor pyuredagi sharbatni qattiq matodan o’tkazamiz.
  • Idishni olovga qo’yamiz va ta’bga ko’ra shakar qo’shib boraveramiz. Sharbatni aralashtira turib hosil bo’lgan ko’piklarni sidirib olamiz, qaynab chiqqach 3 daqiqa qaynatmasdan olovda ushlaymiz. Sharbat harorati 90-95°С bo’lishi kerak.
  • Tayyor sharbatni sterillangan bankalarga solib, banka qopqoqlarini aylantirib yopamiz va qalin mato bilan o’raymiz. Butunlay sovigunicha shunday qoldiramiz.

Yoqimli ishtaha!