Ajoyib bir kunda korzinka.uz jamoasi olma va noklar bo’yicha ta’minotchilarimizdan biri Leo GardenKilo» savdo belgisi) bog’lari joylashgan hudud – Qibrayga yo’l oldi.

Shuhrat Abrorov

Kompaniyaning bosh agronomi Shuhrat Abrorov biz uchun intensiv bog’da maxsus ekskursiya uyushtirib, uning tuzilishi bo’yicha atroflicha ma’lumot berib o’tdi. Shuhrat Mamirjonovich – Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti magistri va bog’dorchilik bo’yicha beshta kitob muallifi sanaladi. U agromadaniyat hamda mevalarni yetishtirishning xorijiy texnologiyalarini mahalliy bozorning o’ziga xos sharoitiga moslashtirishga katta hissa qo’shgan. Biz u bilan suhbatlashib zaminimiz olma va noklarining xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot olishga harakat qildik.

Intensiv bog’

Xo’jalikka kirib borar ekanmiz, qarshimizda ertaknamo manzara: bir-biridan chiroyli qatorlardagi olma va noklardan iborat 40 gektarli bog’ga duch keldik.

Daraxtlar xushta’m va mazali mevalarning og’irligidan yerga egilib turardi. Shuhrat aka otalarcha mehribonlik bilan ularning yoniga yaqinlashib mevalarni ko’zdan kechirar, bizga bog’ tuzilishini tushuntirar edi.

Bugungi kunda olma va noklarning bir necha turlari sotuvda bor. Ularning barchasi rang va ta’m borasida, balki saqlanish muddatlari hamda sharoiti bo’yicha o’ziga xos xususiyatlariga ega. Masalan, qizil olmalar eng injiq navlardan biri sanalib, xona haroratida bir yarim-ikki haftagacha saqlanadi. Ammo istisno tariqasida, Red Chif qizil navli olmalari to’g’ri saqlangan holatda 7-8 oygacha sifatini yo’qotmaydi. Grenni Smit, Golden va Pink Ledi navlari ham shunday xususiyatga ega.

– Bugungi kunda O’zbekistonda Intensiv yetishtirish bog’larining soni tobora ko’payib bormoqda. Intensiv bog’lar innovatsiyaviy texnologiyalar hamda ekinlarning saralanishi bilan ajralib turadi. Daraxtlarni sug’orishga alohida e’tibor beriladi. Ularning har biriga tomchilatish usuli qo’llaniladi. Sug’orishning bu usuli:

  • Suv sarfini kamaytirib, yurtimiz ekologik holatiga ijobiy hissa qo’shadi;
  • Mevalarning soni va sifati ortadi

Ekinlarni ekstremal harorat va tabiatning boshqa hodisalaridan himoyalash uchun dalaning har 40 gektari maxsus matodan tayyorlangan ulkan to’rlar bilan qoplangan.

Maxsus to’rlar kerakli haroratni saqlab ekinlarning nafas olishini ta’minlaydi

– Hatto mevalarning terib olish jarayoni ham muhim ahamiyatga ega, – deydi agronom – Olmalarni ohistalik bilan, mevaning tub qismiga zarar yetkazmasdan uzish kerak. Shuning uchun ham intensiv bog’larda daraxtlar va mevalarga zarar yetkazmaslik uchun mevalar qo’lda yig’ib olinadi.

Hosil terimi

Hosil yig’ilgach u saralashga yuboriladi, undan chiqib to’g’ridan-to’g’ri korzinka.uz supermarketlariga yetkaziladi.