Bayramona mehmondorchilik nihoyasiga yetdi. Hozir organizmingiz yengil va foydali taomlarga har qachongidan ham koʻproq muhtoj. Mazali, mayin ta’mli hamda toʻyimli pyure-shoʻrvalar oshqozon ogʻir yeguliklardan charchagan damda kechki ovqatga ayni muddao!
Quyida nafaqat siz, balki oila a’zolaringizga ham manzur boʻladigan 3 ta oddiy usulda tayyorlanadigan sabzavotli pyure-shoʻrvalarning retseptini e’tiboringizga havola qilamiz.
Sabzavotli pyure-shoʻrva
Kerakli mahsulotlar:
- Piyoz – 1 dona
- Sabzi – 1 dona
- Kartoshka – 3 dona
- Shirin bulgʻor qalampiri – 1 dona
- Qovurish uchun oʻsimlik yogʻi – ta’bga qarab
Tayyorlash usuli:
- Piyoz va sabzini oʻsimlik yogʻida qovuramiz.
- Toʻrtburchak qilib toʻgʻralgan bulgʻor qalampiri va kartoshkani qoʻshamiz.
- Suvni sabzavotlardan 2 sm yuqoriroq qilib quyamiz. 20-30 daqiqa damlaymiz.
- Tayyor taomni blenderda pyure qilamiz.
- Smetana va qotirilgan non bo’laklari (suxariklar) solib dasturxonga tortamiz.
Yasmiqli pyure-shoʻrva
Kerakli mahsulotlar:
- Qizil yasmiq – 1 stakan
- Kartoshka – 2 dona
- Piyoz – 1 dona
- Sabzi – 1 dona
- Shirin qizil bulgʻor qalampiri – 1/2 dona
- Sarimsoq – 1 boʻlakcha
- Tomat pastasi – 1 osh qoshiq
- Oʻsimlik yogʻi – ta’bga koʻra
- Tuz, ziravorlar – ta’bga koʻra
Tayyorlash usuli:
- Kartoshkani unchalik katta boʻlmagan boʻlaklarga kesib chiqamiz.
- Yasmiqni sovuq suvda yuvib, suvni oqizib qoʻyamiz.
- Mayda toʻgʻralgan sarimsoqni yogʻda qovuramiz, piyoz, sabzi, bulgʻor qalampiri qoʻshamiz va ozroq qovuramiz. Tomat pastasi qoʻshib aralashtiramiz.
- Kartoshka va yasmiqni qoʻyamiz, issiq suv quyamiz (4 dona), tuzlab ziravorlar qoʻshamiz. Kartoshka yumshaguncha qaynatamiz – 15-20 daqiqa.
- Tayyor taomni blenderda pyure qilamiz.
- Limon yoki smetana bilan dasturxonga tortamiz. Uyda qilingan suxarilar ajoyib qoʻshimchaga aylanadi.
Qovoqli pyure-shoʻrva
Kerakli mahsulotlar:
- Qovoq – 200-250 g
- Kartoshka – 2 dona
- Shirin qizil bulgʻor qalampiri – – ½ dona
- Piyoz – 1 dona
- Sarimsoq – 1-3 boʻlakcha
- Sabzavotli bulyon – 1 l
- Tuz – ta’bga koʻra
- Qora maydalangan murch– ta’bga koʻra
- Zaytun yogʻi– 2-3 choy qoshiq
Tayyorlash usuli:
- Gaz pechini 200 °C gacha qizdiramiz. Sabzavotlarni yuvib, piyoz va sarimsoqni tozalaymiz. Bulgʻor qalampirining urugʻlari va ortiqcha dumchalarini tozalab tashlaymiz.
- Sarimsoqdan boshqa hamma sabzavotlarni yirik qilib toʻgʻrab pergamentga, pishirish uchun shaklga taxlab chiqamiz. Zaytun yogʻi quyib, tuzlaymiz va qalampir sepamiz. Pergament bilan yopamiz.
- 30-35 daqiqa, sabzavotlar yumshaguncha gaz pechida dimlaymiz.
- Qovoq va kartoshkani terisidan tozalaymiz.
- Tayyor sabzavotlarni blenderga solamiz, ta’bga qarab maydalangan sarimsoqni qoʻshib pyurega aylanguncha aralashtiramiz. Shoʻrva istalgan quyuqlikka yetguncha issiq sabzavotli bulyonni sekin-sekin quyib turamiz.
- Smetana va suxariklar solib dasturxonga tortamiz.
YOQIMLI ISHTAHA!