Dunyodagi eng yaxshi uzumlar, deganda birinchi bo’lib nimani tasavvur qilasiz? Serquyosh Italiyanimi yoki betakror Fransiyani? Ammo eng mazali uzumlar baribir O’zbekistonda yetishtiriladi! Bunga yana bir bor ishonch hosil qilish uchun korzinka.uz jamoamiz bilan birgalikda uzum ta’minotchilarimizdan birining bog’i joylashgan mo’jazgina Zarkent qishlog’iga (Parkent tumani) yo’l oldik. Bepoyon uzumzorlar aro qilgan sayohatimiz tafsilotlari bilan quyidagi maqolamizda tanishib chiqishingiz mumkin.

Chotqol tog’lari uzra bosh ko’tarayotgan quyoshning go’zalligidan bebahra qolmaslik uchun belgilangan hududga erta tong soat 05:30da yetib keldik.

Uzumzorlar yonidagi adirlikka chiqar ekanmiz, xushta’m, mazali tovlanib turgan uzumlardan iborat dalalar, beqiyos Chotqol hamda manzaraga o’zgacha chiroy berib turgan kuz quyoshi ko’z oldimizda namoyon bo’ldi.

Ana shunday tabiat mo’jizasidan kayfiyatimiz ko’tarilib uzumzorlar oralashga tushib ketdik.

Yuz gektarlab maydonni egallagan uzumzorlardan maromiga yetib pishgan mevalarning muattar hidi kelib turardi. Hosilning ko’pligidan tokzorlarning novdalari yerga egilay-egilay, deb qolgan. Ushbu holatdan hayratlanib sayr qilar ekanmiz, «Zarkent Universal» bosh texnologi bizga uzumzorlarning tuzilishi, hosil yig’ilishi hamda qadoqlanishi bo’yicha ma’lumotlar berib borar edi.

Ma’lum bo’lishicha, uzumzorlar 2 qismga bo’linar ekan. Ularning 50 gektarini yeyiladigan (Kishmish, Rizamat, Toyfi), yana 100 gektarini esa musallas uchun ekiladigan uzumlar tashkil etadi.

Uzumzorlarning bir gektaridan kuniga 30tacha ishchilardan iborat oilalar tomonidan 1000 quti pishgan uzum yig’ib olinadi. Uzumchilik mahalliy aholining kundalik turmush tarzining ajralmas qismi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Ularning har biri uzum turlari bo’yicha yetuk bilimlarga ega. Masalan, yuqoridagi ta’kidlab o’tgan agronomimiz Ashurov Ayyom bolaligidan buyon uzumzorlar unga begona emasligi, dalalardagi har bir tup, har bir butani yaxshi bilishini quvonib ta’kidlaydi.

Endi biroz uzum tuplariga to’xtalib o’tsak. Tuplar 6-yildan meva solishni boshlaydi. Tupning o’zi 56 yil yashaydi, shundan so’ng qurib meva solmay qo’yadi. Ular odatda alohida e’tibor talab qilmaydi, ya’ni yerosti manbalaridan oziqlanishadi. Bu ham mahalliy mevalarning o’zgacha ta’miga sabab bo’lgan, desak mubolag’a bo’lmasa kerak.

O’zbekiston uzumlari yilda bir marta meva soladi. Hosil 2 oy yig’iladi – avgustdan sentabr oxirigacha.

Uzumlar yig’ilishi bilanoq keraksiz novdachalar hamda qismlardan qo’lda tozalanadi.

Shundan keyin mevalar qutilarga ohistalik bilan joylanib muzlatgichga yuboriladi. U yerda uzumlar korzinka.uz do’konlari va MDH mamlakatlariga yuborilishidan avval uzoqroq muddat sifatli, foydali mikroelementlari va vitaminlarini saqlab turadi.

Yaqin hududlardagi xorijiy mamlakatlarda O’zbekiston uzumlarini juda qadrlashadi. Mutaxassislar hamda iste’molchilarning fikricha, uzumlarimiz o’zining xushta’mligi va boy ta’mi bilan ajralib turadi.

«O’zbekistondagi har bir dasturxonga uzum yetkazib berish»ni Ayyom Anvarovich o’zining bosh maqsadi sifatida e’tirof etadi. Uzum – bu nafaqat mazali meva, balki o’zbek millatining tantiligi, iliq quyosh nurlaridan bahra olgan, toza suvlar bilan sug’orilgan ne’matdir.