Bayramona mehmondorchilik nihoyasiga yetdi. Hozir organizmingiz yengil va foydali taomlarga har qachongidan ham koʻproq muhtoj. Mazali, mayin ta’mli hamda toʻyimli pyure-shoʻrvalar oshqozon ogʻir yeguliklardan charchagan damda kechki ovqatga ayni muddao!

Quyida nafaqat siz, balki oila a’zolaringizga ham manzur boʻladigan 3 ta oddiy usulda tayyorlanadigan sabzavotli pyure-shoʻrvalarning retseptini e’tiboringizga havola qilamiz.

Sabzavotli pyure-shoʻrva

Kerakli mahsulotlar:

  • Piyoz – 1 dona
  • Sabzi – 1 dona
  • Kartoshka – 3 dona
  • Shirin bulgʻor qalampiri – 1 dona
  • Qovurish uchun oʻsimlik yogʻi – ta’bga qarab

Tayyorlash usuli:

  • Piyoz va sabzini oʻsimlik yogʻida qovuramiz.
  • Toʻrtburchak qilib toʻgʻralgan bulgʻor qalampiri va kartoshkani qoʻshamiz.
  • Suvni sabzavotlardan 2 sm yuqoriroq qilib quyamiz. 20-30 daqiqa damlaymiz.
  • Tayyor taomni blenderda pyure qilamiz.
  • Smetana va qotirilgan non bo’laklari (suxariklar) solib dasturxonga tortamiz.

Yasmiqli pyure-shoʻrva

Kerakli mahsulotlar:

  • Qizil yasmiq – 1 stakan
  • Kartoshka – 2 dona
  • Piyoz – 1 dona
  • Sabzi – 1 dona
  • Shirin qizil bulgʻor qalampiri – 1/2 dona
  • Sarimsoq – 1 boʻlakcha
  • Tomat pastasi – 1 osh qoshiq
  • Oʻsimlik yogʻi – ta’bga koʻra
  • Tuz, ziravorlar – ta’bga koʻra

Tayyorlash usuli:

  • Kartoshkani unchalik katta boʻlmagan boʻlaklarga kesib chiqamiz.
  • Yasmiqni sovuq suvda yuvib, suvni oqizib qoʻyamiz.
  • Mayda toʻgʻralgan sarimsoqni yogʻda qovuramiz, piyoz, sabzi, bulgʻor qalampiri qoʻshamiz va ozroq qovuramiz. Tomat pastasi qoʻshib aralashtiramiz.
  • Kartoshka va yasmiqni qoʻyamiz, issiq suv quyamiz (4 dona), tuzlab ziravorlar qoʻshamiz. Kartoshka yumshaguncha qaynatamiz – 15-20 daqiqa.
  • Tayyor taomni blenderda pyure qilamiz.
  • Limon yoki smetana bilan dasturxonga tortamiz. Uyda qilingan suxarilar ajoyib qoʻshimchaga aylanadi.

Qovoqli pyure-shoʻrva

Kerakli mahsulotlar:

  • Qovoq – 200-250 g
  • Kartoshka – 2 dona
  • Shirin qizil bulgʻor qalampiri – – ½ dona
  • Piyoz – 1 dona
  • Sarimsoq – 1-3 boʻlakcha
  • Sabzavotli bulyon – 1 l
  • Tuz – ta’bga koʻra
  • Qora maydalangan murch– ta’bga koʻra
  • Zaytun yogʻi– 2-3 choy qoshiq

Tayyorlash usuli:

  • Gaz pechini 200 °C gacha qizdiramiz. Sabzavotlarni yuvib, piyoz va sarimsoqni tozalaymiz. Bulgʻor qalampirining urugʻlari va ortiqcha dumchalarini tozalab tashlaymiz.
  • Sarimsoqdan boshqa hamma sabzavotlarni yirik qilib toʻgʻrab pergamentga, pishirish uchun shaklga taxlab chiqamiz. Zaytun yogʻi quyib, tuzlaymiz va qalampir sepamiz. Pergament bilan yopamiz.
  • 30-35 daqiqa, sabzavotlar yumshaguncha gaz pechida dimlaymiz.
  • Qovoq va kartoshkani terisidan tozalaymiz.
  • Tayyor sabzavotlarni blenderga solamiz, ta’bga qarab maydalangan sarimsoqni qoʻshib pyurega aylanguncha aralashtiramiz. Shoʻrva istalgan quyuqlikka yetguncha issiq sabzavotli bulyonni sekin-sekin quyib turamiz.
  • Smetana va suxariklar solib dasturxonga tortamiz.

YOQIMLI ISHTAHA!